
Tashkent International University mini-futbol jamoasi Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Talabalar ligasi” futzal musobaqasida faol ishtirok etmoqda. Mazkur musobaqa talabalar o‘rtasida sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jamoaviy ruhni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Musobaqa O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda Toshkent shahridagi turli oliy ta’lim muassasalarining jamoalari o‘zaro bellashmoqda. Turnir yuqori saviyada tashkil etilib, ishtirokchilardan katta mahorat va jismoniy tayyorgarlik talab etmoqda.
Joriy yilning 20-aprel kuni o‘tkazilgan dastlabki bosqich uchrashuvida TIU jamoasi D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universiteti jamoasiga qarshi maydonga tushib, ishonchli o‘yin namoyish etdi hamda 3:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu natija jamoaning puxta tayyorgarligi va jamoaviy hamkorligining yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Hozirgi kunda jamoa musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda va keyingi bosqich uchrashuvlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Talabalarimizning sportdagi faolligi nafaqat jismoniy rivojlanish, balki intizom, mas’uliyat va g‘alabaga intilish kabi muhim fazilatlarni ham shakllantirishga xizmat qiladi.
Kelgusi uchrashuvlarda ham jamoamizga omad va yangi g‘alabalar tilaymiz.