
2026-yil 20-aprel kuni Tashkent International Universityda Turkiya Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya ishtirokida rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Unda Servet Turan — Turkiston va Kavkaz bo‘yicha koordinator hamda O‘mer Faruk Seyithanoğlu — xalqaro hamkorlik bo‘yicha ekspert sifatida qatnashdi.
Uchrashuv ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, ta’lim va madaniy hamkorlikni kengaytirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida barqaror aloqalarni rivojlantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi. Muzokaralar davomida akademik mobillikni rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Alohida e’tibor turkiy davlatlar o‘rtasida yagona oliy ta’lim makonini shakllantirish masalasiga qaratildi. Bu esa ta’lim standartlarini uyg‘unlashtirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va bilim almashinuvi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qator muhim kelishuvlarga erishdilar. Jumladan, kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda to‘liq moliyalashtiriladigan sertifikat dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirildi.
Mazkur uchrashuv universitetning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, global ta’lim tizimiga integratsiyalashuvni jadallashtirish va talabalar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.